Aholini dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan uzluksiz ta’minlash masalalari muhokama qilindi
Joriy yilning 18-mart kuni Bosh prokuror o‘rinbosari — Departament boshlig‘i Sh. Soxibnazarov va Sog‘liqni saqlash vaziri A. Xudayarov rahbarligida aholi hamda tibbiyot muassasalarini dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan uzluksiz ta’minlash bo‘yicha Davlat Rahbarining topshiriqlari ijrosi muhokama qilindi.
Yig‘ilishda Sog‘liqni saqlash vazirligi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi hamda Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasining markaziy apparat va hududiy bo‘linmalari rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbir davomida joriy yilda dori vositalari va tibbiy buyumlarga bo‘lgan ehtiyoj, xaridlarning qonuniyligini ta’minlash, ortiqcha xarajatlar va talon-torojlik holatlarini oldini olish, aholi hamda tibbiyot muassasalarini zarur dori vositalari bilan o‘z vaqtida ta’minlash masalalari muhokama qilindi. Shu bilan birga, sohadagi korrupsiya holatlariga qarshi qat’iy kurashish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilish yakunida mutasaddi rahbarlarga aniq topshiriqlar berildi hamda manzilli chora-tadbirlar belgilab olindi. Shuningdek, sohada mavjud tizimli muammolarni bartaraf etish maqsadida idoralararo ishchi guruhlarini tashkil etish rejasi belgilandi.